Matbuot xizmati
Halyk Bank va Click strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi
2025-yil 23-iyul, Olmaota, Qozog‘iston. "Qozog‘iston Xalq banki" AJ (keyingi o‘rinlarda - Halyk, Bank) O‘zbekiston "Click," AJ (keyingi o‘rinlarda - Click) aksiyadorlari bilan Click’ning 49 foiz aksiyalarini sotib olish bo‘yicha strategik bitim tuzganini, shuningdek, O‘zbekistondagi sho‘ba bankining 49 foiz aksiyalarini "Tenge Bank" ATB (keyingi o‘rinlarda - Tenge Bank) Click aksiyadorlariga sotganini mamnuniyat bilan e’lon qiladi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Halyk Click aksiyalarining 49 foizi uchun 176,4 million AQSH dollari miqdorida to‘lovni amalga oshiradi. O‘z navbatida, Click aksiyadorlari Tenge Bank aksiyalarining 49 foizi uchun 60,76 million dollar to‘laydi. Bitim tuzilmasi tomonlarga mustaqil yuridik shaxs maqomini saqlab qolgan holda yaqin hamkorlikda ishlash imkonini beradi.
Ushbu kelishuv ikki bozor yetakchisining kuchli tomonlarini bir-birini to‘ldiruvchi xizmatlar va mijozlar bazasi bilan birlashtirish bo‘yicha strategik muhim qadamdir.
Halyk va Click O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan bozorida aholi va biznes uchun bank, fintex va raqamli ekotizim xizmatlari sohasida o‘z mavqeini kengaytirish maqsadida sa’y-harakatlarni birlashtirmoqda. Ushbu strategik hamkorlik yirik va o‘rta korporativ mijozlar, kichik va mikro biznes, shuningdek, chakana mijozlar uchun eng yaxshi yechimlar va xizmatlarni taqdim etish, ko‘lam, texnologik tajriba va innovatsiyalarni birlashtirish imkonini beradi.
Qabul qilingan strategik qaror tufayli, Halyk guruhining Qozog‘iston va O‘zbekistonda mavjudligini hisobga olgan holda, Bank 32,1 milliondan ortiq mijozlar bazasini qamrab olishi va shu bilan umumiy aholisi 58 milliondan ortiq, kichik biznes va yakka tartibdagi tadbirkorlarning umumiy soni 2,6 milliondan ortiq bo‘lgan ikki mamlakatda o‘z mavqeini kengaytirishi mumkin.
Halyk Qozog‘iston bozoridagi ommaviy kompaniya bo‘lib, uning global depozitar tilxatlari (GDR) 2006-yildan beri London fond birjasida joylashtirilgan. Hozirgi kunda xorijiy aksiyadorlarning ulushi 28,3% ni tashkil etadi - bu AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropa va Osiyoning eng yirik xalqaro investitsiya fondlaridir.
Halyk Bankning Click bilan hamkorligi O‘zbekiston xususiy kompaniyalarining xalqaro kapital bozorlarida tanilishini oshirish va Markaziy Osiyoning global investitsiya tarixini yaratishga salmoqli hissa qo‘shish imkonini beradi.
Click va Tenge Bank mustaqil yuridik shaxs sifatida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Bunda barcha mijozlarga avvalgi shartlarda xizmat ko‘rsatiladi, kompaniyalarning amaldagi barcha shartnoma va majburiyatlari o‘z kuchida qoladi hamda o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajariladi.