Matbuot xizmati
Tenge Bank Tashkent City’da yangi bosh ofisini ochdi: raqamlashtirish va barqaror o‘sishga sarmoyalar
Toshkent, 2025-yil 15 noyabr - Tenge Bank Tashkent City’dagi Nest One innovatsion biznes klasteridagi yangi bosh ofisini rasman taqdim etdi. Qiymati 35 million AQSH dollari bo‘lgan loyiha bankning texnologik transformatsiya, infratuzilmani rivojlantirish va O‘zbekiston bozoridagi mavqeini mustahkamlash strategiyasini amalga oshirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Yangi binoning ochilish marosimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning onlayn ishtirokida bo‘lib o‘tdi, bu esa loyihaning ikki tomonlama munosabatlar uchun strategik ahamiyatini ta’kidlaydi.
Zamonaviy infratuzilma va operatsion samaradorlikni kuchaytirish
Yangi ofis bankning asosiy boshqaruv va operatsion bo‘linmalarini birlashtiradi va yuqori texnologiyali ish muhitini ta’minlash uchun yaratilgan.
Investitsiyalar binoni sotib olish, muhandislik tizimlarini loyihalash va joriy etish, IT infratuzilmasining barqarorligini oshirish va ichki jarayonlarni optimallashtirishni o‘z ichiga oldi.
Nest One’da joylashish boshqaruv sinergiyasini kuchaytiradi, qarorlar qabul qilishni tezlashtiradi va Tenge Bank’ning O‘zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirish uchun asos yaratadi.
Halyk Group’ning strategik qo‘llab-quvvatlashi va O‘zbekiston bozorining ahamiyati
Tenge Bank aktivlari 37 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan Markaziy Osiyodagi eng yirik moliya instituti - "Qozog‘iston Xalq banki" AJ (Halyk Bank) ning sho‘ba korxonasi hisoblanadi.
Halyk Group Qozog‘iston, O‘zbekiston va Gruziya bozorlarida yetakchi o‘rinni egallab, moliyaviy xizmatlarning to‘liq spektrini rivojlantirmoqda: korporativ va chakana biznes, kichik va o‘rta biznes, sug‘urta, lizing, brokerlik operatsiyalari, aktivlarni boshqarish va boshqalar.
• Halyk Group’ning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi 1,5 milliard AQSH dollaridan oshdi.
• Tenge Bank tashkil etilganidan buyon (2019-yil) unga kiritilgan moliyaviy mablag‘lar miqdori 350 million AQSH dollariga yetdi.
• Halyk Bank’ning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kredit portfeli 1,2 milliard AQSH dollaridan oshdi.
Yangi bosh ofisning ochilishi Halyk Group’ning O‘zbekistonni rivojlantirish va integratsiyalashgan mintaqaviy moliyaviy ekotizimni yaratishga uzoq muddatli sodiqligini tasdiqlaydi.
Tarmoq o‘sishi, jamoa va korporativ madaniyat
Bugungi kunda Tenge Bank mamlakatning eng yirik hududlarida 16 ta filialga ega.
Jamoa 800 dan ortiq xodimdan iborat bo‘lib, ular uchun Bank zamonaviy, qulay va texnologik ish sharoitlarini yaratadi - bu samaradorlikni oshirish va innovatsion yondashuvni rivojlantirishning muhim omilidir.
Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash va raqamli transformatsiya
Tenge Bank kredit portfelining 65% dan ortig‘ini tashkil etuvchi kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni izchil rivojlantirmoqda. Kichik va o‘rta biznes iqtisodiy o‘sish, bandlik va innovatsiyalarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib, Bank ushbu segmentni rivojlantirishni o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb biladi.
Yetakchi raqamli mahsulotlar:
• Tenge Business - tadbirkorlar va kichik va o‘rta biznes (KO‘B) uchun;
• Tenge24 - "Barcha xizmatlar bir darchada" shiori ostida jismoniy shaxslar uchun.
Ushbu platformalar orqali mijozlar istalgan vaqtda va mamlakatning istalgan nuqtasidan turib bir marta bosish orqali moliyalarini boshqarishlari, kreditlarni rasmiylashtirishlari va operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin.
Bankning raqamli innovatsiyalari:
• O‘zbekistonda birinchi marta kichik va o‘rta biznes uchun onlayn hisobraqamlar ochish (2024-yil);
• YATTni to‘liq raqamli garovsiz kreditlashni joriy etish;
• Halyk kartalari va O‘zbekiston banklari kartalari o‘rtasida tezkor pul o‘tkazmalarini ishga tushirish.
Ushbu qarorlar raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha davlat tashabbuslarini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Mintaqaviy rivojlanishga qo‘shgan hissasi va rahbariyat pozitsiyasi
Yangi bosh ofisning ochilishi Halyk Group’ning O‘zbekiston salohiyatiga bo‘lgan ishonchini va Tenge Bank’ning mamlakat moliyaviy infratuzilmasini mustahkamlashga intilishini namoyon etadi.
«Yangi bosh ofisning ochilishi — infratuzilmani kengaytirishdan ko‘ra kengroq ma’noga ega. Bu bizning uzoq muddatli strategiyaviy qarashimizning tasdig‘idir: O‘zbekistonda texnologiyalar, qulaylik va mijozlar ishonchi har bir xizmatning markazida bo‘ladigan zamonaviy moliyaviy ekotizimni barpo etish», - dedi “Tenge Bank” ATB Boshqaruvi Raisi Beybit Xamitovich Faleev.
«Biz O‘zbekiston bozoriga sarmoya kiritishda davom etamiz, chunki bu yerda ulkan o‘sish, innovatsiya va tadbirkorlik salohiyatini ko‘ramiz. Yangi ofisimiz — bu kelajak yechimlari yaratiladigan makon», - deya ta’kidladi.
Tenge Bank biznesni qo‘llab-quvvatlashni kengaytish, raqamli yechimlarni faol joriy etish va mamlakat moliyaviy ekotizimini yanada mustahkamlashga tayyorligini tasdiqlaydi.
Tenge Bank — moliyaning kelajagini bugunoq yaratamiz