Omonatlarni kafolatlash
“Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi (2025-yil 18-fevraldagi O‘RQ-1031-son)
O‘zbekiston Respublikasining “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, davlat jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda yuridik shaxslarning banklardagi omonatlari saqlanishini bir omonatchi uchun bir bankda 200 000 000 (ikki yuz million) so‘mgacha bo‘lgan miqdorda kafolatlaydi. “Tenge Bank” ATBda joylashtirilgan jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning omonatlari majburiy kafolatlash obyektiga kiradi.
Kafolat miqdori
- Agar yuridik shaxs omonatining miqdori 200 000 000 (ikki yuz million) so‘mdan oshmasa, mazkur omonat davlat tomonidan to‘liq kafolatlanadi.
- Agar omonat miqdori 200 000 000 (ikki yuz million) so‘mdan oshsa, bank tugatilgan taqdirda davlat kafolati faqat 200 000 000 (ikki yuz million) so‘m doirasidagi summaga nisbatan qo‘llaniladi, qolgan qismi esa bankni tugatish bo‘yicha umumiy tartibda qaytariladi.
Kafolatlash obyektini aniqlashda omonat quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- bank omonati shartnomasi yoki bank hisobvarag‘i shartnomasiga muvofiq bankka joylashtirilgan pul mablag‘lari qoldig‘i, shu jumladan tegishli shartnoma shartlari bajarilgunga qadar alohida hisobvaraqlarda saqlanayotgan mablag‘lar (eskrou xizmati), shuningdek jamg‘arma (depozit) sertifikati bilan tasdiqlangan mablag‘lar;
- kafolatli holat yuzaga kelguniga qadar bank omonati shartnomasi yoki bank hisobvarag‘i shartnomasiga muvofiq hisoblangan, biroq to‘lanmagan foizlar qoldig‘i, agar ushbu shartnomalarda foizlarni hisoblash nazarda tutilgan bo‘lsa, shuningdek jamg‘arma (depozit) sertifikatida ko‘rsatilgan hisoblangan, ammo to‘lanmagan foizlar.
Quyidagilar kafolatlash obyektiga kirmaydi:
- banklar, nobank kredit tashkilotlari, lizing kompaniyalari, sug‘urta tashkilotlari, investitsiya va пай fondlari hamda vakolatli organ tomonidan berilgan litsenziya yoki ruxsatnoma asosida yoxud xabarnoma tartibida faoliyat yurituvchi boshqa moliyaviy tashkilotlarning omonatlari;
- davlat tashkilotlari va korxonalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi yoki xorijiy davlatning davlat organlari omonatlari;
- bank bilan bog‘liq shaxslarning omonatlari, bundan bank boshqaruvi a’zolari va asosiy xodimlarining oxirgi uch oy uchun ish haqi hamda unga tenglashtirilgan to‘lovlardan oshmaydigan omonatlari mustasno;
- O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ochilgan bankning sho‘ba banklari yoki filiallaridagi omonatlar;
- individual jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida jamg‘arilgan pul mablag‘lari;
- sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan tasdiqlangan jinoyat yo‘li bilan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatish bilan bog‘liq faoliyatdan olingan pul mablag‘lari.
Quyidagilar omonat hisoblanmaydi:
- banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq bankning regulyativ kapitaliga kiritilgan aksiyalar va boshqa moliyaviy instrumentlar;
- bank tomonidan chiqarilgan qarz qimmatli qog‘ozlari (ta’minlangan va ta’minlanmagan obligatsiyalar, oddiy veksellar);
- bankning subordinatsiyalangan qarz majburiyatlari;
- bank seyflarida saqlash uchun joylashtirilgan pul mablag‘lari;
- bank tomonidan chiqarilgan hosilaviy moliyaviy instrumentlar (fyucherslar, forvard shartnomalari, svoplar va opsionlar) bo‘yicha vujudga keladigan talab huquqlari;
- bankning mol-mulkni ishonchli boshqarish faoliyati bilan bog‘liq holda vujudga keladigan talab huquqlari.
Ayni paytda belgilangan limit banklarga undan yuqori miqdordagi mablag‘larni joylashtirishni cheklamaydi. Banklar bank omonati va bank hisobvarag‘i shartnomalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini odatdagi tartibda bajarishda davom etadilar. Mazkur cheklov faqat bank tugatilgan taqdirda qo‘llaniladi.
Qonunda kafolatli holat yuzaga kelganda omonatlarni qaytarishni boshlash muddati bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartirilishi nazarda tutilgan. Avval ushbu muddat 2 oy 23 kunni tashkil etgan. Yangi Qonunga muvofiq:
- 2025-yilda — 20 ish kuni;
- 2026-yil 1-yanvardan — 15 ish kuni;
- 2027-yil 1-yanvardan — 7 ish kuni.
* 200 million so‘mgacha bo‘lgan barcha depozitlar O‘zbekiston Respublikasi Banklardagi fuqarolarning omonatlarini kafolatlash jamg‘armasi tomonidan sug‘urtalangan.